Toshkent viloyati hokimi Belarus Respublikasi Kengashi Raisi bilan uchrashdi
2026-10-28 10:00:00 / Yangiliklar

Yuqori darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda gumanitar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va aniq amaliy loyihalarni ilgari surish masalalariga e’tibor qaratdilar.
Mezbonlar Toshkent viloyati Belarus uchun ishonchli hamkor hisoblanishini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ayni paytda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hajmi qariyb 55 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Toshkent viloyati delegasiyasining bu galgi tashrifi doirasida Belarus zaminida yirik istiqbolli loyiha — 10 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik majmuasi barpo etilmoqda. Loyiha doirasida keyinchalik mahsulotlarni chuqur qayta ishlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tomonlar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ham batafsil muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, mintaqalararo muloqot savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv Belarus va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.


