O‘zbekiston agrar islohotlari xalqaro e’tibor markazida
2026-07-21 17:50:00 / Yangiliklar

COAG 30-sessiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazmoqda.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov FAO Bosh direktori Suy Dunyuy bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar, xususan, ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishlariga moslashgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish borasida erishilayotgan natijalar yuzasidan ma’lumot berildi.
FAO Bosh direktori Suy Dunyuy O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning agrar ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi tajribasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar FAO va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi tashabbus va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

