Zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
2026-02-12 09:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish hamda agrar sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi izchil oshib bormoqda va bu jarayonda yuqori unumdor, innovatsion texnologiyalar muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muloqot chog‘ida hududlarda pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ko‘rgazma maydonlari tashkil etish orqali fermer va dehqonlarni ilg‘or texnika hamda texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirish zarurligi qayd etildi. Bu esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni tezroq joriy etishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar nafaqat paxta va g‘alla yetishtirishda, balki meva-sabzavotchilik tarmog‘ida ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu munosabat bilan joylarda seminar-treninglar tashkil etish, mexanizator va muhandis kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv markazlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqboldagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olib, agrar sohada zamonaviy texnologiyalar asosida samaradorlikni oshirish borasida o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

