Ilmiy hamkorlik va gender tenglik sari
2026-02-11 14:45:00 / Yangiliklar

Anjumanni Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov ochib berdi.
Shuningdek, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi direktori Kanokpan Lao-Araya, TWAS vitse-prezidenti Sabah Almomin Markaziy Osiyoda ayol olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish borasida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va yurtimizdan 200 nafarga yaqin olima ayollar ishtirok etdi.
Forum doirasidagi panel sessiyalarda ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi gender tenglik, mintaqaviy va global hamkorlik, barqaror rivojlanish, ekologiya, tibbiyot, muhandislik, raqamli texnologiyalar va biotexnologiya kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda.
Forum Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Osiyo taraqqiyot banki hamda TWAS — Jahon fanlar akademiyasi hamkorligida o‘tkazildi.

