O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “Ayollar daftari”ning 7-bosqichiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-02-09 09:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Federatsiya raisi, Respublika komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov rahbarlik qildi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan muhim ijtimoiy tizim — “Ayollar daftari”ning 7-bosqichiga tayyorgarlik va uni samarali amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, 2021–2025-yillar davomida “Ayollar daftari” tizimining 6 bosqichi doirasida respublika bo‘yicha 4 mln 538 ming nafardan ortiq ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Birgina 2025-yilda 1 mln 22 ming nafarga yaqin ayol ijtimoiy qo‘llab-quvvatlandi.
Yangi bosqichda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar 5 ta toifa asosida shakllantiriladi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollar, tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlar, uy-joy sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik va huquqiy yordamga muhtoj ayollar qamrab olinadi.
Asosiy maqsad — ehtiyojmand xotin-qizlarga bir martalik yordam ko‘rsatish emas, balki ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi va barqaror hayot kechirishiga ko‘maklashishdan iborat.
2026-yilda ham “Ayollar daftari” orqali 1 million nafar ehtiyojmand xotin-qizga manzilli yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunida ushbu tizim doirasida belgilangan vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirishda barcha mutasaddi tashkilotlarning hamjihatlikda ishlashi zarurligi ta’kidlandi.
